“O’ZBEKENERGO” AJNING 2018 YIL FAOLIYATI YAKUNLARI HAQIDA
« BackSo‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda, elektr energiya samaradorligini oshirish hamda aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlab berishda ham ko‘plab ishlar olib borildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan,
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi doirasida 2018 yilda “O‘zbekenergo” AJ tomonidan tarkibiy korxanalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Qabul qilingan chora-tadbirlar yagona elektr energetika tizimining barqaror ishlashini, tovar mahsulotlarni ishlab chiqarishda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlanib qolinishini ta’minlaydi. 2018 yil yakunlari bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarish hajmi 7,9 % ga oshdi, bu uning tannarxi 10,5 % ga pasayishi hisobiga erishildi .
2018 yilda “O’zbekenergo” AJ ning elektr stansiyalarida 56,3 mlrd. kVt∙s elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu esa Respublika bo‘yicha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi umumiy hajmining 89,6 % ni tashkil etdi.
Iste’molchilarga 50,7 mlrd. kVt∙s, shu jumladan aholiga 13,3 mlrd. kVt∙s elektr energiyasi yetkazib berildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi "2018 yildagi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida"gi
PQ-3507 sonli qaroriga muvofiq “O’zbekenergo” AJ bo‘yicha yangi energiya obyektlarini qurish, amaldagilarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta investitsion loyiha amalga oshirildi.
Xususan:
-Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasining kredit mablag'lari va "O'zbekenergo" AJning o'z mablag'larini jalb qilish bilan Namangan viloyatida “Har biri 450 MVt quvvatga ega ikkita bug’-gaz qurilmasi bilan yangi To’raqo'rg'on issiqlik elektr stansiyasini qurish” hamda “Quvvati 450 MVt ga teng bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan Navoiy IESni kengaytirish” ishlari jadal sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Barcha texnologik uskunalar stansiyalarning qurilish maydoniga yetkazildi, montaj ishlari boshlanib, Navoiy issiqlik elektr stantsiyasida gaz turbinasini ishga tushirish ishlari boshlandi;
- Taxiatosh IESida 230-280 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish ishlari davom etmoqda. Qurilish maydoniga asosiy uskunalarni yetkazib berish ta'minlandi. Poydevor ishlari, quvur va kabellarni o’rnatish bo’yicha montaj ishlari boshlandi;
- Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Taxiatosh IES – Xorazm NS – Sarimoy aholi punkti” oraliqlarida 220 kV havo elektr tarmog‘i qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida o’tkazilgan xalqaro tenderlar natijasiga ko’ra elektr uzatish liniyalarini qurish uchun uskunalar va materiallar yetkazib berish bo'yicha xalqaro va mahalliy kompaniyalar bilan 7 ta shartnoma imzolandi;
- Jahon banki ishtirokida jismonan va ma'nan eskirgan elementlarini almashtirish bilan 22 ta nimstansiyalarni bosqichma-bosqich modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida 19 ta avtotransformator va transformatorlar yetkazib berildi. Xalqaro tender natijalariga ko'ra o'rta va past kuchlanishlari uchun quvvat uskunalari, shuningdek, maxsus texnika va uskunalar yetkazib berish bo'yicha shartnoma imzolandi;
- Rossiyaning " Силовые Машины " kompaniyasi bilan hamkorlikda Sirdaryo IESning energiya bloklarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. "Силовые машины " tomonidan uskunalarni yetkazib berish ishlari boshlandi, 2018 yil 24 dekabr holatiga 5,0 mln. Yevro miqdoridagi uskunalar yetkazib berildi.
To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni (NEDO) jalb qilish yo'li bilan Farg'ona issiqlik elektr markazida 17 MVt quvvatga ega bo’lgan gaz-turbina uskunasi va 7 MVt quvvatga ega bo'lgan RK-3 Farg'ona qozonxonasini qurish bilan yuqori samarali kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyalarini joriy etish bo'yicha loyiha amalga oshirilmoqda. RK-3 obyektlari bo'yicha asosiy binoning montaj ishlari 90 foiziga bajarilib, asosiy jihozlar o'rnatilmoqda.
Afg'oniston Islom Respublikasi bilan hamkorlik doirasida eksport salohiyatini oshirish maqsadida 2018 yilda umumiy uzunligi 260 km bo'lgan «Surxon-Puli-Xumri» 500 kV havo liniyalarini qurish ishlari boshlandi.
Barcha hududlarda yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish orqali past kuchlanishli elektr tarmoqlarini jadal rivojlantirish ishlari davom etmoqda. 2018 yilda umumiy uzunligi 7,2 ming km bo'lgan 0,4-10 kV elektr uzatish liniyalari qurildi va rekonstruksiya qilindi, 2,5 mingga yaqin transformator nimstantsiyalari o'rnatildi, shu jumladan "Obod qishloq" va "Obod mahalla" davlat dasturlari asosida qishloqlar va mahallalarni obodonlashtirish uchun 2,0 ming km elektr tarmoqlari va 691 ta nimstansiyalar qurildi.
Qabul qilingan maqsadli dasturlar doirasida shahar va qishloqlarda yangi ko’p qavatli arzon uylar, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarni tashqi elektr ta'minotini qurish bo’yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “O’zbekenergo” AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo’yicha keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Bu tizimni joriy etish loyihasi bo'yicha ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish asosida EENQvaHOAT (ASCUE)ni joriy etish va rivojlantirish kontseptsiyasi ishlab chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3981-sonli qaroriga muvofiq “Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish. O‘zbekiston Respublikasining Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 0,4 kVga ulangan iste’molchilarning elektr energiyasi iste’molini hisobga olish tizimi” loyihasi bo‘yicha Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 30 ming dona elektron hisoblagichlar yetkazib berildi va o'rnatish ishlari yakunlandi.
Yuqorida ko’rsatilgan qaror doirasida, 2018 yil 29 noyabrdan "Tashelectroapparat" XT tomonidan ishlab chiqarilgan elektron hisoblagichlarni Farg'ona viloyatining Qo'qon hamda Toshkent viloyatining Angren shaharlarida o'rnatish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 2018 natijalariga ko’ra aholi iste’molchilariga mos ravishda 52,5 ming va 40,6 ming dona elektron hisoblagichlar o’rnatildi.
O'z navbatida, Koreya kompaniyasi «KT Corporation» bilan 2018 yil 30 noyabrda Toshkent shahrida yagona respublika ma'lumotlarni qayta ishlash markazi tashkil etish to'g'risida bitim imzolandi, ular yordamida EENQvaHOAT tizimlari, shuningdek, axborotni boshqarish tizimlari (ABT/ERP) boshqariladi.
Ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, energetika balansini diversifikatsiyalash, hamda rivojlangan infratuzilmani yaratishga yo'naltirilgan investitsiyalarni jalb qilish bilan "O'zbekenergo" AJning rivojlanishiga qaratilgan elektr energetikasini rivojlantirishni jadallashtirish va eksport salohiyatini kengaytirish kabi masalalar ko’rib chiqildi.
Muqobil energiya manbalarining ulushini oshirish, hamda elektr energiya sohasini isloh qilish va barqarorligini ta’minlash bilan elektr energiya sohasini uzoq muddatli rivojlantirishga qaratilgan bosh rejasini ishlab chiqishda Jahon banki (WB), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) guruhlari bilan maslahatchi va mutaxassislar sifatida faol hamkorlikda ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi «Fotoelektr stansiyalarni tashkil etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 633-sonli Qarori asosida 2019 yildan boshlab xalqaro moliyaviy kompaniyalarning konsalting xizmatlarini jalb qilgan holda, davlat-хususiy sheriklik shartlari asosida Navoiy viloyatida 100 MVt ga teng bo’lgan fotoelektr stansiyasini qurish bo’yicha sinov loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat Dasturi doirasida energetika tizimida ishlaydigan xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va sog'liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Manba - “O‘zbekenergo” AJ